
To‘y – bu har bir millatning, xalqning o‘ziga xos milliy urf-odatlari, qadriyatlarini ifoda etadigan muhim tadbir hisoblanadi.
Ayniqsa, bizning orzu-havasli xalqimiz to‘yni o‘ziga xos tarzda, esda qolarli qilib nishonlayman deb so‘nggi yillarda ortiqcha dabdababozlikka berilib, isrofgarchiliklarga yo‘l qo‘ymoqda.
Achinarlisi, ortiqcha dabdaba, isrofgarchilik, oilalarning iqtisodiy yuki og‘irlashishi va hatto qarzdorlikka tushib qolish singari ayrim salbiy holatlarni keltirib chiqarmoqda.
Shu bois mamlakatimizda bu kabi holatlarning oldini olish, tuy va marosimlarimizni ixchamlashtirish bo‘yicha muayyan ishlar qilinib, tegishli choralar ko‘rilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 16-sentyabrda qabul qilingan 589-sonli qarorida 2026-2030 yillar “Dolzarb oziq-ovqat xavfsizligi davri” deb e'lon qilinib, “Oqilona iste'mol” dasturi doirasida to‘ylar, oilaviy tantanalar, marosim va boshqa shu kabi tadbirlarning qat'iy nazoratga olinishi belgilandi.
Endi to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi kengashining va Senat kengashining 2019 yil 14 sentyabrdagi qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan “To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlarni o‘tkazishni tartibga solish to‘g‘risida”gi nizom talablari asosida o‘tkazilishi ta'minlanadi.
Qarorga muvofiq oilaviy tadbirlar faqat bir kun soat 06:00 va 23:00 oralig‘ida o‘tkaziladi. Soat 23:00 dan keyin oilaviy tadbirlarni davom ettirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Oilaviy tadbirlarda ishtirokchilar soni 200 nafargacha, mazkur tadbirlar munosabati bilan osh berish marosimida 250 nafargacha, qo‘shaloq to‘y-hashamlarda mehmonlar soni 250 nafargacha, u bilan bog‘liq osh berish marosimida 300 kishigacha etib belgilangani ortiqcha isrofgarchilik, dabdababozlikning oldini oladi.
Yana bir jihati qarorda to‘y-hashamlarni o‘tkazuvchi shaxslar tadbirlarni o‘tkazishdan kamida bir hafta oldin yashash joyidagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini xabardor qilishi shartligi ko‘rsatib o‘tilgan. Bu esa jamiyatimizda jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, xalqimizning mas'uliyatini oshirish, loqaydlik hissini kamaytirishda muhim omil bo‘ladi.
Shuningdek, nikohni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, kelin-kuyovning to‘yxonaga kelishi va ketishi bilan bog‘liq oilaviy tadbirlarda 3 tadan ko‘p bo‘lgan yengil avtomashinadan yoki jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi boshqa transport vositalaridan foydalanishga ruxsat etilmasligi, bugun shahar ko‘chalarida sodir bo‘layotgan tartibsizliklar hamda yo‘l transport hodisalarini oldini olishga xizmat qiladi.
Ushbu qaror loyihasining yana bir muhim jihati shundaki, milliy an'analarga yot, odob-axloq qoidalariga zid bo‘lgan turli shoularni cheklaydi, ortiqcha vaqt va xarajat talab qiladigan oilaviy tadbirlardan oldingi, tadbir davomidagi va undan keyingi qo‘shimcha rasm-rusumlarni («kelin navkari», «chorlar», «ota ko‘rdi», «sep yoydi», «quda chaqirdi», «kuyov chaqirdi», «kelin chaqirdi», «tog‘ora yuborish» va hokazolarni) o‘tkazishni ta'qiqlaydi. Dafn etish va motam marosimlari bilan bog‘liq ortiqcha tadbirlarni (“etti”, “payshanbalik”, “yakshanbalik”, “yigirma”, “qirq”, “hayit”, “yil oshi”, “pul tarqatish”, “mato ulashish” va hokazolarni) o‘tkazishni man etadi.
Bu esa o‘z-o‘zidan “Sendan men kammi” qabilida ish yurituvchi, xalqimiz orasida ko‘plab norozichilik uyg‘otayotgan ayrim kimsalar o‘ylab topgan bo‘lmag‘ur dabdababozlikka barham beradi. Ikki yoshning baxtini oddiy bir kiyim-kechak, dasturxonning aytib bo‘lmas darajada to‘kin-sochinligi, yoxud kelinning kuyov uyiga olib borayotgan mebeli-yu sarpolari bilan belgilab berayotgan ayrim quda-andalar o‘rtasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan kelishmovchiliklar barham topib, yosh oilalar mustahkamligi ta'minlanadi.
To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlarning belgilangan tartib asosida o‘tishini ta'minlash uchun eng avvalo mahalla faollari, jamoat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari faol bo‘lishi lozim. Chunki, to‘ylarda tejamkorlikni targ‘ib qilish orqali nafaqat yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlaymiz, balki xalqimizga xos qadriyatlarni asrab-avaylaymiz, ma'naviy muhitni sog‘lomlashtirishga ham erishamiz.
Said Mardonov,
Xalq deputatlari Samarqand tuman
Kengashi deputati.
Copyright © 2025. Гулобод тонги. Сайт материалларидан фойдаланганда www.gulobodtongi.uz манбаи кўрсатилиши шарт.
Матнда хатолик топдингизми? Матнни танлаб CTRL+ENTER босинг.