
Assalomu alaykum, hurmatli brifing ishtirokchilari!
Bugun sizlar bilan ushbu brifingda ko‘rishib turganimdan juda ham xursandman. Har birimiz uchun eng muhim ne'matlardan biri bo‘lgan suv va uning aholimiz hayotidagi o‘rni haqida so‘z yuritish, shu yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar haqida axborot berish — bugungi uchrashuvimizning asosiy maqsadidir.
Sizlarga 2025-yilning yetti oyi davomida Samarqand tuman filiali tomonidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida batafsil ma'lumot berib o‘taman.
“Samarqand suv ta'minoti” AJ
Suv – hayot manbai
Insoniyat tarixida suv eng qadimiy va eng bebaho ne'matlardan biri sifatida qadrlanadi. Suvsiz hayot, suvsiz tiriklik, suvsiz jamiyat bo‘lishi mumkin emas. “Suv bor joyda hayot bor”, degan hikmat ham shundan bejiz aytilmagan. Ichimlik suvi nafaqat inson salomatligi, balki ijtimoiy taraqqiyot, qishloq xo‘jaligi, sanoat va butun jamiyatning barqaror rivojlanishi uchun tayanch manbaidir.
Bugungi kunda ichimlik suv ta'minotini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan har bir ish – kelajak avlodga sog‘lom muhit, toza hayot manbaini taqdim etish demakdir. Shu maqsadda, “Samarqand suv ta'minoti” AJ Samarqand tuman filiali 2025-yilning yetti oyi davomida qator amaliy ishlarga qo‘l urdi.
Samarqand tuman filiali tomonidan 2025-yilning 7 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida
Amalga oshirilgan asosiy ishlar
2,22 km ichimlik suv tarmoqlari almashtirildi.
“Navbog‘”, “Xoja Axrori Vali”, “Mirishkor”, “Nayman”, “Jo‘yiabbos”, “Yangijoy”, “Zaxlik” va “Gulbog‘” mahallalarida eskirgan va yaroqsiz holga kelgan quvurlar yangisiga almashtirildi. Bu ishlar natijasida 415 ta xonadonda istiqomat qiluvchi 1 452 nafar aholining ichimlik suv ta'minoti yaxshilandi.
Yangi energiya tejamkor nasoslar o‘rnatildi.
Shirinobod, Ohalik, Sho‘rboi, Sulfakavutak, Yangijoy va Mirishkor mahallalarida jami 8 ta suv inshootiga zamonaviy nasoslar joylashtirildi.
43 ta ishdan chiqqan nasos ta'mirlandi.
Sho‘rboi, Ohalik, Diyor, Ravonak, Jo‘yiabbos, Yangijoy, Gulobod, Sho‘boicha, Zaxlik, Shirinobod, Navbog‘, Yangiariq, Andijoni, Mirishkor, Parrandachilik va Sulfakavutak mahallalaridagi inshootlarda ishdan chiqqan nasoslar qayta tiklandi.
Gulobod mahallasidagi eski gidrant yangisiga almashtirildi.
Obodonlashtirish ishlari.
Sulfakavutak mahallasidagi suv inshootida “Yashil makon” dasturi doirasida mevali va manzarali daraxtlar ekilib, hudud ko‘rkamlashtirildi. Shuningdek, quyosh energiyasida ishlaydigan 4 ta videokuzatuv moslamasi o‘rnatildi.
Kapital ta'mir ishlari.
Mirishkor, Qaynama, Navbog‘, Talibarzui poyon va Gulobod mahallalaridagi 5 ta suv inshooti kapital ta'mirlanib, tashqi ko‘rinishi yangilandi.
37 ta suv inshootiga avtomatik poplovok uskunalari o‘rnatildi.
Bu uskunalar suvni avtomatik tarzda yo‘lga qo‘yib-o‘chirib, aholi xonadonlariga sutkaning har kuni uzluksiz ichimlik suvini yetkazib berish imkonini yaratdi.
Xulosa
Suv – hayotdir. Suv ta'minotini yaxshilash yo‘lida qilingan har bir ish – inson salomatligini mustahkamlash, jamiyat taraqqiyotini ta'minlash, ertangi kun uchun mustahkam poydevor yaratish demakdir.
“Samarqand suv ta'minoti” AJ Samarqand tuman filiali aholining ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyojini uzluksiz ta'minlash va aholi farovonligini oshirish yo‘lida izchil faoliyat yuritishda davom etadi.
E'TIBORINGIZ UCHUN RAXMAT!!!
“Samarqand suv ta'minoti” AJ
Samarqand tuman filiali boshlig‘i v.v.b.:
S. Sharipov
Copyright © 2025. Гулобод тонги. Сайт материалларидан фойдаланганда www.gulobodtongi.uz манбаи кўрсатилиши шарт.
Матнда хатолик топдингизми? Матнни танлаб CTRL+ENTER босинг.