Гулобод тонги Халқ депутатлари Самарқанд туман Кенгаши ва туман ҳокимлиги газетаси
Гулобод тонги Халқ депутатлари Самарқанд туман Кенгаши ва туман ҳокимлиги газетаси
www.gulobodtongi.uz

 
 

QAYNONA VA KELIN MUNOSABATLARI

“Oila – mehr va baxt qo‘rg‘oni. Oila bor ekan, farzand degan bebaho ne’mat bor, insoniy qadr-qimmat va ma’naviyat bor. Oilaviy baxt bu – eng ulug‘ saodatdir”.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti.

Bugungi kunda Samarqand tumanida ham oilaviy totuvlik, mehr-oqibat va ahillikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, qaynona va kelin munosabatlarini sog‘lom asosda yo‘lga qo‘yish, oilaviy nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish bo‘yicha targ‘ibot va tushuntirish ishlari izchil olib borilmoqda. O‘zbek oilasining qadimiy qadriyatlarida qaynona va kelin rishtalari doimo hurmat va ehtiromga asoslangan. Qaynona – oilaning poydevori, katta avlod vakili bo‘lsa, kelin – yangi avlodning namoyondasi, oila sha’nini davom ettiruvchi sifatida qadrlangan. Shu bois, ularning o‘zaro hurmat va hamjihatlikda yashashi oilaning barqarorligi va totuvligining garovi hisoblanadi.
Samarqand Tumanida ham“Oila maktabi” doirasida turli davra suhbatlari, seminar-treninglar o‘tkazilib, oilaviy tarbiya, qaynona va kelin munosabatlari borasida ma’naviy-ma’rifiy maslahatlar berilmoqda. Ayniqsa, mo‘ysafid momolarimizning hayotiy tajribalari yoshlarga o‘rnak bo‘lmoqda. Ularning hikoyalari, maslahatlari oilaviy totuvlikka xizmat qilmoqda. Masalan, oqila momolardan biri shunday deydi: “Kelin qizim uyga kelgan kuni uni qizim deb qabul qildim. Qaynona-kelin orasida mehr bo‘lsa, oila mustahkam bo‘ladi. Men unga ham qizimga aytgan gapimni aytaman, kelinim esa meni o‘z onasiday hurmat qiladi”.
Yana bir momomiz tajribasini shunday bayon etadi: “Oilada kichik bir gapdan janjal chiqmasligi kerak. Qaynona ham, kelin ham sabrli bo‘lishi lozim. Chunki sabr – oilaviy baxtning kalitidir”.
Jumladan, 24-sentabr kuni tuman xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Madina Barotova, «Oqila ayollar» harakati rahbari Shohista Negmatova, targ‘ibot guruhi rahbari Shiora Hafizova, tuman bosh otinoyisi Aziza Rahmatovalar tadbirda qatnashdilar va ajrimlarni oldini olish, qaynona va kelin munosabatlari to‘g‘risida ibratli chiqishlar qilishdi. Tumanimiz masjidlarida imom-xatiblar ham oilaviy muammolarni hal etishda tinchlik, murosa va sabr-bardoshni targ‘ib qilishmoqda. Chunki ajrimlarning oldini olish, farzandlarning baxtli oilada ulg‘ayishini ta’minlash barchamizning vazifamizdir.
Shuningdek tuman faollari ham bu borada alohida ish olib bormoqda. Ular kelin va qaynona o‘rtasida kelib chiqadigan tushunmovchiliklarni joyida bartaraf etish, tinch yo‘l bilan hal qilishga yordam berishmoqda. Tuman bo‘yicha tashkil etilgan “Oilaviy maslahat markazlari”da esa psixologlar va mutaxassislar ishtirokida maslahatlar berilib, muammolarning ildizi chuqur o‘rganilmoqda.
Shu tarzda olib borilayotgan targ‘ibot ishlari Samarqand tumanida ko‘plab oilalarning mustahkamlanishiga, kelin va qaynona orasidagi samimiyatning ortishiga, farzandlarning esa baxtiyor oila bag‘rida ulg‘ayishiga xizmat qilmoqda.

Shaxlo Sobirova,
Mukambal Rasulova,
Yangiobod va O‘zbekkent mahallasi xotin-qizlar faoli.


Последнее редактирование: 25/09/2025 16:06;   Просмотров: 38
 
Для чтения текста нажмите эту кнопку