
O‘zbekiston Respublikasi o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritgan ilk kunlardan boshlab milliy ramzlarini yaratishga alohida e’tibor qaratdi.
Ulardan biri — Davlat bayrog‘i 1991-yil 18-noyabrda qabul qilingan 407-XII-sonli Qonun bilan tasdiqlangan bo‘lib, bugungi kunda yurtimizning siyosiy, ijtimoiy va ma’naviy hayotida yuksak o‘rin tutadi.
Davlat bayrog‘i — bu shunchaki mato emas, balki xalqning tarixi, buguni va kelajagini mujassam etgan ulug‘ ramzdir. U to‘g‘ri to‘rtburchak shaklida bo‘lib, uzunligi 250 santimetr, kengligi 125 santimetr qilib belgilangan. Bayroq uchta enli rangdan iborat: to‘q moviy, oq va to‘q yashil. Har bir enning kengligi 40 santimetr bo‘lib, oq rangli o‘rtadagi en ikki tomonidan 2,5 santimetr qizil hoshiyalar bilan ajratilgan. Ushbu ranglar xalqimizning qadimiy an’analari, ruhiyati va orzu-umidlarini ifodalaydi.
Bayroqning yuqori qismidagi moviy rangli enning dastaga yaqin qismida oq rangli yangi oy va uning yonida o‘n ikkita besh qirrali yulduz tasvirlangan. Yangi oy — yangilanish va o‘sish ramzi, yulduzlar esa xalqimizning tinchliksevarligi, ezgulik va farovonlikka intilishini anglatadi. Ushbu belgilarning barchasi 70x30 santimetr o‘lchamdagi to‘g‘ri to‘rtburchakka sig‘adigan qilib joylashtirilgan.
Yangi oy vertikal holatda bo‘lib, diametri 30 santimetrli doiraga sig‘adi va dastadan 20 santimetr masofada joylashtirilgan. Yulduzlarning har biri esa 6 santimetrli doiraga sig‘adi, ularning oralig‘i ham 6 santimetr qilib belgilangan. Yulduzlar uch qator shaklida tartiblangan: yuqorida — 3 ta, o‘rtada — 4 ta, quyi qatorda — 5 ta. Eng pastki qatordagi yulduzlarning yangi oy pastki uchidan masofasi 3,5 santimetrni tashkil etadi.
Bugun davlat bayrog‘imiz nafaqat mamlakat hududida, balki xalqaro maydonlarda ham Vatanimiz sha’nini baland ko‘tarmoqda. Har bir rasmiy tadbirda, sport musobaqalarida, xalqaro uchrashuvlarda ko‘tarilgan ushbu bayroq O‘zbekiston nomi, xalqining birdamligi va mustaqilligini butun dunyoga ko‘rsatib turadi.
Davlat bayrog‘iga hurmat — bu yurtga va milliy qadriyatlarga hurmatdir. Uning har bir unsuri, har bir rangidagi ma’no bugungi va kelajak avlodlarga Vatan tuyg‘usini singdiradi, ularda faxr va g‘urur uyg‘otadi.
M.Usmanov,
Samarqand tumani Adliya bo'limi bosh maslahatchisi.
Copyright © 2025. Гулобод тонги. Сайт материалларидан фойдаланганда www.gulobodtongi.uz манбаи кўрсатилиши шарт.
Матнда хатолик топдингизми? Матнни танлаб CTRL+ENTER босинг.