
Ertalabki shovqin-suron odatdagidek avtobus ichini bosib turardi.
Derazadan kirib turgan muzdek shamol yo‘lga shoshayotgan odamlarning yuzini yanada jiddiyroq ko‘rsatardi. Men ham darsga kech qolmaslik uchun shoshib avtobusga chiqqan edim. Past ovozdan yangrayotgan tanish qo‘shiq quloqqa chalinadi: “Onam bo‘lsaydi…”
Qo‘shiq so‘zlari yurakda qandaydir bir o‘rtanish paydo qilar, kun boshidanoq tashvish uyg‘otadigan xayollarni bir damga bo‘lsada unuttirgandek bo‘lardi. Ammo, nimadir bo‘ldiyu beixtiyor o‘girildim. Orqa o‘rindiqda bir bola o‘tirar, ko‘zlaridan dumalab tushayotgan yoshlar tasbehdek bir-biriga ulanib ketgan, lablari esa so‘zlardan ko‘ra ko‘proq alamli titrardi.
Men bir lahza karaxt bo‘lib qoldim. Uning yonida o‘tirgan ayol muloyim ohangda so‘radi:
- Bolam, nega yig‘layapsan?
Bola boshini egdi. Ko‘z yoshlarini qo‘li bilan artib, uzoq jim qoldi. Uning bu ahvoli atrofdagi odamlarga yuqqandek, ular ham bir zumga sukutga cho‘mgandek edi.
Nihoyat bolaning titroq lablaridan sas taraldi: “Onam…”.
Shu birgina so‘zni aytib, bo‘g‘ziga bir alam tiqilgandek ovozi uzildi. Ayolning ham ko‘zlari jimirlab ketdi.
- Nima bo‘ldi onangga, jon bolam? — dedi ayol ehtiyotkorlik bilan.
Bola chuqur xo‘rsindi, bu xo‘rsinishda necha yillik og‘riq borligini bilish mushkul edi.
- Onam yo‘q… Endi qaytib kelmaydi, olamdan o‘tgan.
- Qachon…?
- O‘tgan yili. Bugun esa tug‘ilgan kuni. Har yili shu kuni uni o‘zimcha tabriklardim… Hozir bo‘lsa… faqat qo‘shiq eshitib o‘tirishdan boshqa choram yo‘q.
Avtobus ichidagi jimlik yanada cho‘zildi. Hatto dvigatelning g‘uvillashi ham boshqacha tuyulardi. Ba’zan bir begona bolaning ko‘z yoshlari, bir notanishning dardi ham yurakka o‘qday botadi.
Ayol qo‘lini bolaning yelkasiga qo‘ydi:
- Onang seni ko‘rib tursa, mana shunday o‘g‘il bo‘lib ulg‘ayayotganingdan faxrlanardi. Insonning yuragida onaning o‘rni hech qachon bo‘sh qolmaydi. U seni duo bilan asrab turadi, bolam.
Bola boshini qimirlatdi, lekin ko‘zlarida yosh halqalanishni qo‘ymasdi. Qo‘shiq esa shu payt eng baland joyiga kelgan edi “Onam bo‘lsaydi…”
Men esa o‘sha lahzada tushundim:
Odam ba’zan hech kimga aytmaydigan dardini butun olamga fosh qilib qo‘yadi, ammo buni faqat ko‘ra olganlar sezadi. Odam ba’zan eng og‘ir kunida eng oddiy qo‘shiqdan ham qulab tushadi.
Avtobus o‘z yo‘lida davom etardi. Bola esa yonidagi derazaga qarab, qo‘llari musht holda, pichirlardi:
“Onam bo‘lsaydi…”
Roziqzoda
Copyright © 2025. Гулобод тонги. Сайт материалларидан фойдаланганда www.gulobodtongi.uz манбаи кўрсатилиши шарт.
Матнда хатолик топдингизми? Матнни танлаб CTRL+ENTER босинг.