
Keksalar turizm oyligi munosabati bilan butun respublika bo‘ylab nuroniylarga bo‘lgan e’tibor va ehtirom yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Shu munosabat bilan Samarqand tumanidagi “Nuroniy” jamg‘armasi rahbariyati tashabbusi asosida tumanda faol bo‘lgan faxriylar uchun Xorazm viloyatiga keng qamrovli ma’naviy-ma’rifiy sayohat tashkil etildi.
Mazkur tashabbus Prezidentimizning “Keksalarni e’zozlash, ularning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash” borasidagi siyosatining amaliy ifodasi bo‘lib, nuroniylarning faol hayot tarzini qo‘llab-quvvatlash, ularning kelgusidagi ijtimoiy faolligini oshirishga xizmat qiladi.
Sayohat ishtirokchilari Samarqand tumanidan ertalab tantanali kuzatuv ostida yo‘lga chiqishdi. Xorazm viloyatida ular qadimiy Urganch shahri, dunyo tamaddunining bebaho durdonalaridan biri bo‘lgan Xiva shahrining Ichan-qal’a majmuasi, Ota Darvoza, Juma masjidi, Ko‘k minora, Tosh hovli kabi tarixiy va me’moriy obidalarni ziyorat qilishadi. Ushbu maskanlar o‘zining ming yillik tarixi, boy ma’naviy merosi bilan yurtimiz faxriylarida alohida qiziqish uyg‘otishi shubhasiz.
“Nuroniy” jamg‘armasi vakillarining ta’kidlashicha, ushbu safar nafaqat tarix bilan tanishish, balki keksalarimizning ruhiy tetikligini oshirish, ularga e’tibor va hurmat ko‘rsatishning amaliy ko‘rinishlaridan biridir. Sayohat davomida nuroniylar uchun qulay sharoitlar yaratildi, ular uchun maxsus ma’naviy dastur ham ishlab chiqilgan
Tadbir ishtirokchilari o‘z navbatida bunday e’tibor va g‘amxo‘rlikdan mamnunligini, Xorazm zaminiga qadam qo‘yish ularda katta taassurotlar uyg‘otayotganini bildirishdi. Safar yakunida faxriylar o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashib, yosh avlodni ham tarixiy merosni qadrlashga chaqirish rejalashtirilgan ma’naviy suhbatlarda qatnashishadi.
Keksalar turizm oyligi doirasida uyushtirilayotgan bu kabi tashriflar yurtimizda ulug‘larimizni e’zozlash, ularning ko‘nglini ko‘tarish va jamiyat hayotidagi o‘rnini yanada mustahkamlash yo‘lidagi izchil ishlarning amaliy ko‘rinishi bo‘lib qolmoqda.
Sayid Mardonov
Samarqand tuman “Nuroniy”jamg’armasi raisi .
Copyright © 2025. Гулобод тонги. Сайт материалларидан фойдаланганда www.gulobodtongi.uz манбаи кўрсатилиши шарт.
Матнда хатолик топдингизми? Матнни танлаб CTRL+ENTER босинг.