
9-sentabr kuni maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi sohasidagi islohotlar ijrosi hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Unda davlatimiz rahbari mamlakat kelajagi, iqtisodiyot rivoji, avvalo, bilimli avlodga bog‘liqligini alohida ta’kidlab, bog‘cha va maktablar qurish, zamonaviy o‘quv dasturlarini qo‘llash, ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha mamlakatimizda olib borilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi. Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda yurtimizda o‘qituvchilarning mehnati qadrlanib oylik maoshiga 10 dan ortiq ustamalar joriy qilindi. Bugun o‘z ustida ishlagan 60 mingdan ortiq pedagog 10-12 million so‘m maosh, yangi baholash tizimi bo‘yicha ijobiy natija ko‘rsatgan 300 ta maktabning butun jamoasi 40 foizgacha ustama olmoqda. Yil boshidan buyon xalqaro fan olimpiadalarida yurtimiz o‘g‘il-qizlari 195 ta medalni qo‘lga kiritgan. Xorijiy til egalari jalb qilingan mingdan ziyod maktabda til bo‘yicha sertifikat olgan o‘quvchilar soni bir yilda 2,5 barobar ko‘paygan. Yig‘ilishda sohadagi islohotlarni davom ettirib, ta’limning barcha yo‘nalishlarida katta o‘zgarish qilish zarurligiga e’tibor qaratildi. Prezidentimiz bu yil maktabgacha ta’limda o‘rinlar sonini 182 mingtaga ko‘paytirish rejalashtirilgani, ularning 82 mingtasi yangi bog‘chalar hissasiga to‘g‘ri kelishi, qolgan 100 ming o‘rin eski bog‘chalarni ta’mirlash orqali hamda xususiy sektor ishtirokida tashkil etilishini bildirdi. Buning uchun maktabgacha ta’lim qamrovi 80 foizdan past bo‘lgan tuman va shaharlarda bo‘sh yerlar auksionga chiqarilishi, ularda davlat-xususiy sheriklik asosida bog‘chalar qurish bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqilishi, bunday muassasalarga subsidiya berish, tarbiyachilar maoshini qisman qoplash tartibi joriy qilinishi belgilandi. Yangi bino, sharoit bilan birga bog‘cha xodimlarining salohiyati ham shunga yarasha yuqori bo‘lishi kerakligi ta’kidlanib, yangi o‘quv yilidan o‘rta maxsus ma’lumotli tarbiyachilar uchun 5 kun ishlab, 1 kun o‘qiydigan bakalavr ta’lim shakli joriy qilinishi, bu orqali bog‘chalarga har yili qariyb 10 ming nafar oliy ma’lumotli mutaxassis kirib kelishi aytib o‘tildi. Kelasi yili har bir viloyatda bog‘cha tarbiyachilarining pedagogik mahoratini oshirishga metodik ko‘maklashuvchi “Yangi avlod” bog‘chalari barpo qilinadigan bo‘ldi. Yig‘ilishda maktab ta’limidagi sharoit bilan bog‘liq masalalar ham ko‘rib chiqildi. So‘nggi uch yilda yurtimizda iqtidorli o‘quvchilar uchun 201 ta ixtisoslashgan maktab tashkil qilingan. Olis hududlardagi maktablarga 5-7 kilometr yo‘l bosib qatnayotgan 74 ming nafar o‘quvchilarga qulaylik yaratish maqsadida bepul avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yilgan. O‘tgan yildan boshlab 1-sinflarda informatika dars soatlari yo‘lga qo‘yilgani, kyeyingi o‘quv yilidan yuqori sinflarga sun’iy intellekt bo‘yicha darslar kiritilishi, buning uchun 2 mingta sinf xonasi kompyuter va interaktiv doskalar bilan ta’minlanishi aytildi. Iqtidorli yoshlarga sharoit yaratish uchun viloyatlarda axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan Al-Xorazmiy, muhandislik bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek, tabiiy fanlar yo‘nalishida Ibn Sino maktablari filiallari tashkil etiladi. Ular hududlardagi texnika oliy o‘quv yurtlariga biriktiriladi va yaxshi natijaga erishgan bitiruvchilar oliygohlarning 2-kursiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabul qilinadi. Keyingi yil maktab o‘quvchilari o‘rtasida eng nufuzli 2 ta – xalqaro kimyo va informatika olimpiadalari ilk bor O‘zbekistonda bo‘lib o‘tishi ma’lum qilinib, mutasaddilarga unga tayyorgarlik ko‘rish va olimpiadalarni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi. Yig‘ilishda yoshlar tarbiyasi va bandligi masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Qayd etilganidek, endi yosh toifalari bo‘yicha milliy tarbiya modeli yaratiladi. Bu orqali bolalar zamonaviy kompetensiyaga ega mutaxassis, milliy qadriyatlarga sodiq inson bo‘lib tarbiyalanadi. Bolalar kontentini rivojlantirish markazi, Qori Niyoziy nomidagi tarbiya pedagogikasi milliy instituti tomonidan haftalik mavzularidan kelib chiqib, qiziqarli videoroliklar ishlab chiqiladi. Ular “Milliy tarbiya” platformasiga joylashtirib boriladi. Yoshlarning qobiliyatini yuzaga chiqarish, ularni har tomonlama shakllantirishda maktabdan tashqari ta’lim va sportning ahamiyati katta. Shu bois bu tizimni yangi bosqichga olib chiqish, o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish bo‘yicha Prezident qarori imzolandi. Unga ko‘ra, joylardagi 219 ta “Barkamol avlod” maktabi, “Yoshlik” sport jamiyati, O‘quvchi yoshlar markazi va O‘zbekiston bolalar tashkiloti negizida respublika, hudud va tumanlarda “Kelajak” markazlari tashkil etiladi. Bu markazlar maktablar bilan uzviylikni jonlantirib, o‘quvchilarni muhandislik, ilm-fan, madaniyat, san’at, kitobxonlik, sport va ekologiya yo‘nalishlari bo‘yicha to‘garaklarga jalb qiladi. Buning uchun har bir o‘rta maktabda maslahatchi lavozimi joriy qilinadi. Ular o‘quvchilarning qobiliyati va qiziqishiga qarab, til, kasb, muhandislik, ijod, san’at va sport to‘garaklarini tashkil qiladi. Ushbu to‘garaklar va olimpiadalarda erishgan natijalari bo‘yicha yoshlarning “raqamli portfolio”si shakllantirilib, elektron shahodatnomada ko‘rsatiladi. Davlatimiz rahbari yig‘ilishda yoshlarimizni kasb-hunarli qilib, doimiy daromad topishi uchun sharoit yaratish ham eng dolzarb masala ekaniga urg‘u qaratdi. Yurtimizda 450 ming o‘quvchini qabul qila oladigan 598 ta texnikum borligi, lyekin ularga yoshlarning qiziqishi, kasb topish ko‘rsatkichi yuqori emasligini bildirib, Prezident va ixtisoslashgan maktablar tajribasi asosida, barcha texnikumlarga xalqaro standart bo‘yicha zamonaviy kasbga o‘qitish muhitini olib kirish zarurligini ta’kidladi. Bu ishlarni yagona siyosat asosida olib borish uchun Kasbiy ta’lim agentligi tashkil qilinishi belgilandi. Endi investorlar buyurtmasi bilan texnikumlarda kadrlar maqsadli tayyorlanadi. Texnikum bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan korxonalarga imtiyozli kredit ajratiladi. Yig‘ilishda, shuningdek rivojlangan davlatlar tajribasi asosida kasbga o‘rgatuvchi ustaxonalar tashkil qilish, xorijiy tillarni o‘qitishni kengaytirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi. Xullas, maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi sohasini yanada rivojlantirish, ta’lim sifatini oshirish, iqtidorli o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlar tarbiyasi va bandligini ta’minlash bo‘yicha yig‘ilishda belgilab berilgan vazifalar meni bir pedagog sifatida nihoyatda mamnun etdi. Chunki bularning barchasi yosh avlodning barkamol inson bo‘lib voyaga yetishi hamda jamiyatda o‘z o‘rnini topishlariga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
S.NARZULLAYEVA,
xalq deputatlari tuman Kengashi deputati,
Xalq ta’limi a’lochisi.
Copyright © 2025. Гулобод тонги. Сайт материалларидан фойдаланганда www.gulobodtongi.uz манбаи кўрсатилиши шарт.
Матнда хатолик топдингизми? Матнни танлаб CTRL+ENTER босинг.