Гулобод тонги Халқ депутатлари Самарқанд туман Кенгаши ва туман ҳокимлиги газетаси
Гулобод тонги Халқ депутатлари Самарқанд туман Кенгаши ва туман ҳокимлиги газетаси
www.gulobodtongi.uz

 
 

Is gazidan ehtiyot boʻling!

Havo haroratining pasayishi, kunlarning asta-sekin sovishi bilan issiqlik ta'minotiga boʻlgan ehtiyojimiz ortib, isitish jihozlaridan foydalana boshlaymiz.

 Kuz-qish mavsumida isitish qurilmalarini belgilangan talablarga rioya etgan holda ishlatish zarur. Aks holda ulardan notoʻgʻri foydalanish oqibatida is gazi bilan bogʻliq koʻngilsiz hodisalar kuzatilib, favqulodda vaziyatlar yuzaga kelishi, insonlar qurbon boʻlishi mumkin.
Statistik ma'lumotlarga koʻra, ob-havo keskin sovigan kunlarda sodir boʻlayotgan favqulodda vaziyatlarning aksariyati is gazidan zaharlanish holati bilan bogʻliq. Is gazining ajralishi nostandart va nosoz gaz asboblaridan hamda isitish pechlaridan foydalanish, talabga javob bermaydigan dudburonlarni oʻrnatish yoki ularni notoʻgʻri oʻrnatish, mavjudlarini oʻz vaqtida tozalamaslik, gazning etarli miqdorda havo bilan aralashmasligi kabilar tufayli sodir boʻladi.
Is gazi – yonuvchi modda va materiallarning (gaz, yogʻoch, koʻmir kabilar) chala yonishi natijasida hosil boʻladigan rangsiz va hidsiz gaz hamda zaharli modda hisoblanadi. U nafas yoʻllari orqali qonga soʻrilganda organizmni, xususan, markaziy asab tizimini jiddiy zararlashi bilan xavfli. Inson is gazi bilan zaharlangan havodan nafas olib tursa ham hech narsani sezmaydi, shu bois, is gazidan zaharlanib vafot etish ehtimoli yuqori.
Samarqand tuman Favqulodda vaziyatlar boʻlimi is gazi vujudga kelishi sabablariga yoʻl qoʻymaslik va undan zaharlanmaslik uchun bir qator ehtiyot choralarini koʻrishni tavsiya etadi:
-gaz va muqobil yoqilgʻi (koʻmir, oʻtin va boshqa) turlaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga qat'iy rioya qiling;
-nostandart (qoʻlbola yasalgan) yoki sertifikatga ega boʻlmagan isitish pechlari va anjomlaridan foydalanmang;
-isitish pechlarining dudburonlarini toza va soz holatda boʻlishini ta'minlang;
-gaz yoki boshqa muqobil yoqilgʻiga moslashtirilgan isitish pechlari hamda suyultirilgan uglevodorod gaz ballonlari (anjomlari)ni dam olish (uxlash) xonalariga olib kirmang;
-oshxonada oʻrnatilgan tabiiy gazda ishlovchi gaz plitalardan xonalarni isitish maqsadida foydalanmang;
-havo almashmaydigan xonalarni isitishda ochiq olov (koʻmir va oʻtin choʻgʻlari)dan foydalanmang;
-havoni almashtiruvchi shamollatish shaxtalari yoki tuynuklarni ochiq va ishchi holatda boʻlishini ta'minlang.
Imkoni boʻlsa xonadonlaringizga is gazini aniqlovchi qurilma oʻrnatishni tavsiya qilamiz. Zero, qurilmani sotib olish va oʻrnatish xarajatlari oila a'zolaringizning hayotidan qimmatga tushmasligi aniq.

S.M.Umarov,
Samarqand tuman FVB katta inspektori, kapitan.


Дата добавления: 17/09/2025 14:29;   Просмотров: 30
 
Для чтения текста нажмите эту кнопку