
1991-yil 18-noyabr sanasi mamlakatimiz hayotida zarhal harflar bilan muhrlangan kun sifatida tarix zarvaraqlaridan joy oldi.
Aynan shu kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy kengashining navbatdan tashqari o‘tkazilgan VII sessiyasida “O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi va bu sana yurtimizda har yili davlat ramzi, bayrog‘imiz qabul qilingan kun sifatida keng nishonlanayotir.
Davlat bayrog‘i – mamlakat suverenitetining ramzi hisoblanib, u yer yuzining shu sarhadida mustaqil O‘zbekiston davlati borligini anglatadi va o‘zida milliy-madaniy an’analarimizni mujassamlashtiradi. Davlatimiz bayrog‘i tinch va osoyishta, ozod hamda erkin hayotimiz, yorug‘ kelajagimizga bo‘lgan ishonchimiz timsolidir.
Mana 34 yildirki bayrog‘imiz millatimiz iftixori sifatida nafaqat yurtimiz, balki Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasi peshtoqida ham baland hilpirab turibdi. Bu esa tenglar ichra teng bo‘lgan mamlakatimizni butun dunyo tan olganligining, xalqimizning ma’naviy g‘ururi bir necha bor o‘sganligining amaldagi yorqin na’munasidir.
Bayrog‘imizning davlat idora va muassasalari, o‘quv yurtlari, O‘zbekiston a’zo bo‘lgan xalqaro tashkilotlar, chet ellardagi elchixona va doimiy vakolatxonalarimiz peshtoqida hilpirab turishi, turli bayram va tantanalarda, mamlakatimiz vakillari qatnashayotgan xalqaro miqyosdagi siyosiy, madaniy-ma’rifiy tadbirlarda, nufuzli sport musobaqalarida Vatanimizning sha’ni, xalqimizning g‘ururini yorqin aks ettirishi barchamizga cheksiz faxr baxsh etadi. Xalqaro sport bellashuvlarida g‘alaba qozongan sportchilarimiz sharafiga yurtimiz bayrog‘i baland ko‘tarilgan lahzada har birimiz cheksiz hayajonga tushamiz, hech kimdan kam emasligimizni his qilamiz.
Aslida har bir bayroqning o‘z tarixi, u mansub bo‘lgan yurt suvratiyu siyratiga monand qiyofasi bor. Bayrog‘imizdagi har bir rang, har bir belgi o‘ziga xos ma’noga ega. Bayroqdagi moviy rang tiriklik mazmuni aks etgan mangu osmon va obihayot ramzi. Timsollar tilida bu - yaxshilikni, donishmandlikni, halollikni, shon-shuhrat va sadoqatni bildiradi. Binobarin, Amir Temur davlati bayrog‘ining rangi ham moviy rangda edi. Bayroqdagi oq rang - muqaddas tinchlik ramzi bo‘lib, u kun charog‘onligi va koinot yoritkichlari bilan uyg‘unlashib ketadi. Oq rang – poklik, beg‘uborlik, soflikni, orzu va hayollar tozaligi, ichki go‘zallikka intilishning timsoli. Yashil rang – tabiatning yangilanish ramzi. U ko‘pgina xalqlarda navqironlik, umid va shodumonlik timsoli hisoblanadi. Qizil chiziqlar – vujudimizda jo‘shib oqayotgan hayotiy qudrat irmoqlarini anglatadi. Navqiron yarim oy tasviri bizning tarixiy an’analarimiz bilan bog‘liq. Ayni paytda u qo‘lga kiritilgan mustaqilligimiz ramzi ham.
Azaldan mustaqillik, ozodlik, tinchlik va barqarorlik timsoli bo‘lib kelgan yurt bayrog‘ini ajdodlarimiz muqaddas bilib uni ardoqlaganlar, ko‘z qorachig‘idek saqlaganlar. Biz ham Davlat bayrog‘ining muqaddasligini, u har birimizga yurt manfaati har nedan ustunligini anglatib, eslatib turishini zinhor yoddan chiqarmasligimiz lozim. Bayrog‘imizning balandligi yurtimizning obro‘-nufuzi yuksakligidan dalolatdir. Shunday ekan, sarbaland qaddimiz va qadrimiz timsolini hamisha e’zozlaylik va boshimiz uzra baland tutaylik!
Said Mardonov,
Xalq deputatlari Samarqand tuman Kengashi deputati
Copyright © 2025. Гулобод тонги. Сайт материалларидан фойдаланганда www.gulobodtongi.uz манбаи кўрсатилиши шарт.
Матнда хатолик топдингизми? Матнни танлаб CTRL+ENTER босинг.