Гулобод тонги Халқ депутатлари Самарқанд туман Кенгаши ва туман ҳокимлиги газетаси
Гулобод тонги Халқ депутатлари Самарқанд туман Кенгаши ва туман ҳокимлиги газетаси
www.gulobodtongi.uz

 
 

BOG‘-TOK ORASIGA TO‘QSONBOSTI EKINLARINI EKIB, QO‘SHIMCHA DAROMADGA EGA BO‘LING HAMDA KUZGI EKILGAN G‘ALLA MAYDONLARINI O‘Z VAQTIDA PARVARISHLAB, YUQORI HOSILDORLIKKA ERISHING!

Samarqand tumani fermerlari kengashi Rayosati a’zolarining fermerlarga murojaati

 

Qadrli yurtdoshlar!

Hurmatli dehqon va fermerlar!

Keyingi yillarda yer yuzida ro‘y berayotgan iqlim o‘zgarishlari, tabiiy ofatlar va qurg‘oqchilik kabi holatlar oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni qiyinlashtirmoqda. Albatta, bu holat bizga ham o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda.

Ana shunday holatlarning oldini olish maqsadida mamlakatimizda so‘nggi yillarda siz, dehqon va fermerlarga, Prezidentimiz tomonidan ko‘plab farmon va qarorlar qabul qilindi. Natijada joylarda ulkan yutuqlarga erishildi.

Jumladan, agrar tarmoqda ishlab chiqarish hajmi ikki barobar oshdi. Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy barqarorligi, fuqarolar sog‘ligi va hayotini yaxshilashning eng muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Qishloq xo‘jaligini ilmiy asosda, intensiv yo‘nalishda rivojlantirish orqali dehqon va fermerlar daromadini kamida ikki baravar oshirish, soha yillik o‘sishini kamida 5 foizga yetkazish vazifasi belgilab olindi.

Aslida buning zamirida siz va bizning fidoyiligimiz, mamlakat iqtisodiyotiga qo‘shayotgan hissamiz mujassamdir. Shu muqaddas zaminda voyaga yetgan inson o‘z davlati, xalqi va jamiyati oldidagi burchini ado etishi zarur.

Himmati baland dehqon va fermerlar!

So‘nggi yillarda mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish yo‘lida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ularning asosiy maqsadi — suv va yer resurslaridan oqilona foydalanish, ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, xo‘jalik va korxonalarning moddiy-texnik bazasi hamda kadrlar salohiyatini mustahkamlash, eng muhimi, siz — dehqon va fermerlarning mehnatini yengillashtirishdir.

Aholini yil o‘n ikki oy davomida vitaminga boy mahsulotlar bilan ta’minlash, bozorlarimizda narx-navoning barqaror bo‘lishini ta’minlash — bizning eng asosiy vazifamizdir.

To‘qsonbosti usuli dehqonchilikda qadimdan qo‘llanib kelinadi. Bu usulda ekilgan urug‘lar 90 kunlik qishni qor ostida o‘tkazadi. Shu sababdan ham bu usul “qorbosti” yoki “to‘qsonbosti” deb ataladi. Ushbu usul sovuqqa chidamli sabzavotlarni erta bahorda arzon va mo‘l hosil olish imkonini beradi. Bu esa ichki bozorni ta’minlash va eksport imkoniyatlarini kengaytirish orqali dehqonlarga katta foyda keltiradi.

Xorij tajribasi shuni ko‘rsatadiki:

Xitoyda bog‘-tok orasiga soya, jo‘xori, guruch, sabzavot va beda ekish natijasida yerdan foydalanish samaradorligi 30–40% ga oshgan.

Hindistonda mango va banan bog‘larida bir vaqtning o‘zida sholicha yoki sabzavotlar ekiladi. Natijada daromad 1,5–2 barobar oshgan.

Turkiyada olma va uzumzorlar orasiga beda va bug‘doy ekiladi, bu esa tuproq namligini saqlab, mikroiqlimni yaxshilagan.

Samarqand viloyatida o‘tkazilgan tajribalarda ham bog‘-tok orasiga sabzavot, don va yem-xashak ekinlari ekish natijasida daromad 25–30% ga oshgani kuzatildi.

Mirishkor dehqon va fermerlar!

Bugundan mas’uliyatni yanada oshirib, 4 ming gektar bog‘-tok orasiga, shuningdek, bo‘sh turgan maydonlarga piyoz, sarimsoqpiyoz va to‘qsonbosti ekinlarini ekaylik. Bu bilan nafaqat xalqimizni arzon mahsulot bilan ta’minlaymiz, balki eksport hisobiga valyuta tushumini ham oshiramiz.

Yerimizdan yiliga 2–3 marta hosil olib, gektaridan 40–50 million so‘mgacha daromad olish imkonini yarataylik!

“Bir kontur – bir dala” tamoyili asosida ishlang, subsidiya mablag‘laridan foydalaning va kooperatsiyalar tashkil etib, mahsulotingizni eksportga yo‘naltiring!

Quyidagi tadbirlarni og‘ishmay bajaring:

  1. “Dala madaniyati”ga jiddiy e’tibor qarating, zararkunandalarga qarshi ishlov berishni o‘z vaqtida bajaring.
  2. Kuz oyining qulay ob-havosidan foydalanib, haydovni qisqa muddatda yakunlang.
  3. Sovuqqa chidamli sabzavot ekinlarini — sabzi, piyoz, lavlagi, karam, ismaloq, ukrop, petrushka, selderey, kashnich, salat kabi ekinlarni eking. 4. Bog‘-tok orasiga bug‘doy urug‘ini sepib qo‘yishni unutmang.
  4. “Yashil makon” loyihasi doirasida dala chetiga 10–15 tup mevali daraxt eking.
  5. “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida piyoz, sarimsoqpiyoz va to‘qsonbosti ekinlarini ekishni tashkil eting.

Hurmatli fermer va dehqonlar!

O‘zbekistonning tabiiy iqlimi kuzgi bug‘doy yetishtirish uchun juda qulay. 2026 yilda har bir gektardan 90–100 sentner hosil olish uchun bugundan boshlab quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshiraylik:

  1. Tuproq-iqlim sharoitiga mos, serhosil navlarni tanlab, 5-noyabrgacha ekishni yakunlang.
  2. Sho‘r maydonlarni yuvib, yer yetilishi bilan sifatli qilib don eking.
  3. Har gektarga 200 kg fosforli, 100 kg kaliyli o‘g‘it seping.
  4. Suvchilarga sharoit yarating, tungi sug‘orishni yo‘lga qo‘ying.
  5. 50–60 metr masofada o‘qariq va shoxariqlar hosil qilib, birinchi suvni o‘z vaqtida bering.
  6. Fosforsiz maydonlarda noyabr oyida biostimulyatorlar bilan ikki marta suspenziya seping.
  7. Kech ekilgan maydonlarda 100–150 kg azotli o‘g‘it bilan oziqlantiring.
  8. G‘o‘za qatorlarini agregatlar yordamida tozalang.
  9. Mahalliy o‘g‘itlarni dalalarga chiqarib, xandak qazish ishlarini amalga oshiring.
  10. Dala atrofi va ariqlarni tozalab, suv inshootlarini ta’mirlang.
  11. Klaster korxonalari bilan hamkorlikda ishlarni jadallashtirib, yuqori hosilga erishing.

Hurmatli klaster korxonalari rahbarlari!

Sizlarning fermerlar bilan hamjihatlikda olib borgan mehnatingiz natijasida bu yil g‘alladan mo‘l hosil olindi. Keling, 2026 yilda bu natijani 90–100 sentnergacha oshirish uchun bugundan hamkorlikni yanada kuchaytiraylik!

Aziz dehqon va fermerlar!

Xalqimiz bizning mehnatimizga, fidoyiligimizga umid bilan qarab turibdi. Dasturxonimiz to‘kin-sochin, bozorlarimiz mahsulotlarga to‘la bo‘lishi bizning bugungi mehnatimizga bog‘liq.

Yurtboshimiz ishonchini oqlab, Vatanimiz farovonligiga hissa qo‘shaylik!

Sidqidildan ishlaylik, fidoyilik namunasi bo‘laylik!

 

Samarqand tumani fermerlari kengashi Rayosati a’zolari.


Дата добавления: 31/10/2025 17:13;   Просмотров: 36
 
Для чтения текста нажмите эту кнопку